Basketbol o’yin texnikasiga dastlabki o’rgatish uslubiyoti

Abituriyent ruxsatnomasi 2022 yuklab olish:

Basketbol o’yin texnikasiga dastlabki o’rgatish uslubiyati

Mundarija

Reja

Dastlabki o’rgatish va uning mohiyati

Dastlabki o’rgatish jarayonining bosqichlari va uslublari

Jismoniy tarbiya darsining maqsadi va vazifalari

Darsning tuzilishi va mazmuni

Dars jarayonini rejalashtirish,  unga tayyorgarlik ko’rish va o’tkazish tartibi

Sport amaliyotida dastlabki o’rgatish jarayoni ko’p yillik sport trenirovkasining fundamental bosqichi bo’lib, ushbu bosqichda o’rgatish uslublari va vositalaridan to’gri foydalanish keyingi bosqichlarda sport mahoratini samarali shakllanishiga imkon yaratadi.

Dastlabki o’rgatish jarayonini rejalashtirish va tashkil qilishda bolaning ontogenetic hamda biopsixologik xususiyatlari e’tiborga olinishi zarur. Boshqacha qilib aytganda dastlabki o’rgatish jarayonida o’tkaziladigan mashg’ulotlar yuklamalari shug’ullanuvchi bolalarning jismoniy va funksional imkoniyatlariga qarab me’yorlanishi va qo’llanilishi lozim. Ma’lumki, harakat (yuklama) hajmi va shiddati inson salomatligi, uning jismoniy va funksional shakllanishida muhim ahamiyatga egadir. Lekin barcha harakat turlari, jumladan sport to’garaklarida ijro etiladigan jismoniy va texnik-taktik mashqlar hajmi hamda shiddati shug’ullanuvchining funksional imkoniyatlariga mos kelishi yoki hiyolgina yuqori bo’lishi lozim. Demak, bolalar sportiga oid mashg’ulotlarni tashkil qilishda pedagogik va tibbiy nazoratga asoslanish sog’lom, barkamol avlodni tarbiyalash jarayonining ajralmas qismidir. Shunday ekan, jismoniy tarbiya va sport bo’yicha o’tkaziladigan mashg’ulotlar (jismoniy tarbiya darsi, trenirovka mashg’uloti, sport musobaqalari) mazmunini maqsadli rejalashtirish va boshqarish har bir mutaxassis (o’qituvchi, murabbiy, tashkilotchi, uslubchi, yo’riqchi) va rahbar shaxsga qayta mas’uliyat yuklashi, ular jismoniy madaniyat, jismoniy tarbiya, jismoniy rivojlanish, jismoniy tayyorgarlik va sport masalalariga oid bilimlarni o’zlashtirishlari, muvofiq kasbiy-pedagogik malaka va ko’nikmalarni puxta egallashlari zarurligi isbot talab qilmaydi.

Alohida e’tibor qaratish muhimki, bolalar sportini samarali tashkil qilish, ko’p yillik sport trenirovkasi jarayonida shug’ullanuvchilar sog’ligi va ularning sport mahoratini shakllantira borish ustuvor jihatdan jismoniy tayyorgarlik ko’rsatkichlariga bog’liqdir.

Jismoniy tayyorgarlik va uning salohiyatini ifoda etuvchi kuch, tezkorlik, chaqqonlik, chidamkorlik va egiluvchanlik kabi sifatlar ilmiy ob’ekt sifatida azaldan ko’pdan-ko’p tadqiqotchi olimlar diqqatini jalb qilib kelgan. Ularning tadqiqotlarida jismoniy sifatlarning mohiyati, mazmuni, ularni jismoniy tarbiya va sport hamda boshqa jarayonlardagi ahamiyati va rivojlantirish muammolari atroflicha yoritilgan.

Sport amaliyotida (kasbiy amaliyotda ham) jismoniy tayyorgarlik, odatda, ikki bir-biriga chambarchas bog’liq bo’lgan – umumiy va maxsus jismoniy tayyorgarlik turlariga bo’linadi.

Hayot davomida inson sog’ligi, uning aqliy va jismoniy faolligi, ko’p yillik sport trenirovkasi davomida sport mahoratining shakllana borishi ustuvor jihatdan shu ikki tayyorgarlik turlari mazmuni va darajasi bilan belgilanadi.

Jismoniy tarbiya va sport mashg’ulotlarida qo’yiladigan asosiy maqsad – sog’liqni mustahkamlash hamda yuqori sport natijalariga erishish avvalambor yoshlikdan boshlab umumiy jismoniy sifatlarni rivojlantirish muhimligiga e’tibor qaratadi. Aksariyat olimlarning ta’kidlashicha, muayyan sport turi bo’yicha muntazam o’tkazib boriladigan hamda hajm, shiddat va mazmun jihatdan to’g’ri tashkil qilingan mashg’ulotlar bolalar va o’smirlar organizmiga ijobiy ta’sir ko’rsatar ekan. Lekin, umumiy jismoniy tayyorgarlikka asoslangan va tor doirada ixtisoslashtirilgan mashg’ulotlar salbiy oqibatlarga olib kelishi kuzatilgan. Binobarin, dastlabki o’rgatish bosqichida jismoniy va texnik-taktik mashqlar nisbatini to’g’ri rejalashtirish bolalar sport mahoratini samarali shakllantirish imkoniyatini yaratadi.

Dastlabki o’rgatish va uning mohiyati

Sport malakalariga dastlabki o’rgatish jarayoni ko’p yillik sport tayyorgarligi tizimining poydevori bo’lib hisoblanadi. Dastlabki o’rgatish o’z tashkiliy, uslubiy, ilmiy va moddiy-texnika nuqtai nazaridan qanchalik puxta asoslangan bo’lsa, sifatli bo’lsa, shunchalik sport o’rinbosarlarini tayyorlash yuli qisqaroq va osonroq bo’ladi. Ammo bu, albatta, mutaxassisning bilimiga, kasbiy ko’nikma va malakalariga bevosita bog’liq bo’ladi. Shuning uchun mutaxassislarni tayyorlashga mo’ljallangan o’quv dasturining eng e’tiborli va asosiy bo’limlaridan biri boshlang’ich o’rgatish uslubiyati (texnologiyasi) bo’lib hisoblanadi.

Mazkur ma’ruzada boshlang’ich o’rgatish jarayonini maqsad vazifalari, uslub va vositalari hamda mavzuga oid bo’lgan ma’lumotlar talqin etiladi.

Musobaqa jarayonida samarali natijaga erishishning asosiy shart-sharoitlaridan biri – bu basketbolchining texnik tayyorgarligi, texnik mahorati takomillashgan darajada bo’lishidir. Demak, o’rgatish jarayonining dastlabki va asosiy maqsadi bu o’yin texnikasini mukammal o’zlashtirishdir.

Harakat – (o’yin) malakalari – to’pni uzatish, qabul qilish (himoya), to’pni o’yinga kiritish, zarba berish, to’siq qo’yish – belgilangan bosqichlarda, ma’lum uslublar va vositalar yordamida o’zlashtiriladi, mukammallashtiriladi, takomillashtiriladi. Mazkur jarayon pedagogik, biopsixologik va biomexanik qonuniyatlar asosida amalga oshiriladi.

O’rgatish jarayoni – bu pedagogik jarayon bo’lib, murabbiydan, o’qituvchidan katta mahorat, kasbiy tayyorgarlikni talab qiladi. Lekin shunday bo’lsada, harakatni (o’yin malakasini) ijro etish texnikasiga o’rgatish boshqa ahamiyatli sabablarga ham bog’liqdir: bolaning faolligi, mashg’ulotlarning soni, sifati, davom etish muddati, yordamchi texnik uskunalar, mashg’ulot o’tkaziladigan joyning shart-sharoitlari, bolaning qiziqish, harakat «boyligi», tajribasi va hokazo.

Shuni ham aytish zarurki, harakat texnikasini o’zlashtirish muddati bolaning oilaviy sharoitiga, uning ijtimoiy va iqtisodiy imkoniyatiga hamda ruhiy holatiga bog’liqdir.

Yuqorida keltirilgan ma’lumot va o’rgatish jarayonida e’tiborga olinadigan omillar ma’lum uslubiy tartibda asoslangan rejalashtiruv hujjatlardan joy olishi kerak. Bundan tashqari bolaning ichki «sirli» imkoniyatlarini hamda mavjud omillarni aniqlash tanlov dasturi va mashqlari yordamida amalga oshirilishi zarur. Olingan natijalar o’rgatish uslublarini, bosqichlarini va texnologiyasini qo’llashda tayanch omil bulib xizmat qilishi kerak.

Dastlabki o’rgatish jarayoni bir necha bosqichlarda amalga oshiriladi va bu bosqichlarni har biri o’ziga xos uslub va vositalarni o’z ichiga oladi.

Umumiy rivojlantiruvchi mashqlar o’yinchida jismoniy barkamollik va o’yinchi uchun zarur bo’lgan harakat ko’nikmalari va malakalarini sayqallash uchun foydalaniladi.

Barcha mashqlar o’z yo’nalishiga mos ravishda birlashgan holda mashq qilishning maxsus tayyorgarligi asosiy qismlarini tashkil etadi: umumiy jismoniy, maxsus jismoniy, texnik, taktik, o’yin tayyorgarligi. Har bir tayyorgarlik turida o’zining etakchi omillari borki, ular yordamida ko’zlagan maqsadga erishiladi. SHu bilan birga barcha turdagi tayyorgarliklar bir-biri bilan uzviy bog’liq. Misol uchun agar o’quvchi jismoniy yaxshi tayyorlanmagan bo’lsa, u hujumda zarba berish texnik mashqini yaxshi bajara olmaydi. Bunday holda o’quvchini jismoniy tomondan chiniqtirish, zarba berish usulini ko’p marta takrorlashdan ko’ra foydaliroqdir.

Dastlabki o’rgatish jarayonining bosqichlari va uslublari

Birinchi bosqich: — o’rganiladigan harakat texnikasi bilan tanishish. Bunda, aytib berish, ko’rsatish va tushuntirish uslublari qo’llaniladi. O’qituvchi shaxsan ko’rsatish bilan birga ko’rgazmali qurollardan foydalanadi: kinofilm, tasviriy film, sxema, maydon maketi va hokazo.

Namoyishni tushuntirishlar bilan qo’shib olib borish kerak. O’qituvchilarning dastlabki urinishlari ularda birlamchi harakat sezgisini shakllantiradi.

Ikkinchi bosqich: — texnikani soddalashtirilgan (oddiylashtirilgan) holatda o’rganish. Mazkur o’rganish bosqichida muvaffaqiyat ko’p holatlarda yondoshtiruvchi mashqlarning to’g’ri tanlanganligiga bog’liqdir. Ular o’zining tuzilishi shakliga ko’ra o’rganilayotgan harakat texnikasiga yaqin va o’quvchilar bajara oladigan bo’lishi kerak. Murakkab tuzilishga ega bo’lgan harakat (hujum zarbasi), uni tashkil qiluvchi asosiy zvenolarga (qismlarga) ajratib beriladi. Bu bosqichda boshqarish uslublaridan foydalaniladi (buyurish, ko’rsatma berish, ko’rish va eshitish, ko’rib ilg’ash, texnik vositalar va hokazo) hamda ko’rgazmali harakat (o’qituvchining bevosita yordami, yordamchi jihozlarni qo’llash), axborot (to’pga bo’lgan zarba kuchi, tushish aniqligi, yoruglik yoki ovozni belgilash) kabi uslablar alohida ahamiyatga ega bo’ladi.

Uchinchi bosqich: — texnikani murakkablashtirilgan sharoitda o’rgatish. Bunda quyidagilar qo’llaniladi: takroriy usul, harakatni murakkab sharoitlarda bajartirish, o’yin va baholash uslubi, qo’shma uslub, davra aylana mashqlari. Takrorlash uslubi bu bosqichda eng asosiydir. Ko’p marotaba takrorlashgina malakani shakllantiradi. Malaka hosil qilish uchun takrorlash turli sharoitlarda mashq bajarishni (harakat sharoitini o’zgartioishni, asta-sekin murakkablashishni) takazo etadi. Hattoki charchaganda ham mashqlar bajartiriladi, qo’shma va o’yin uslublari bir vaqtni o’zida texnikani sayqallashtirishga hamda maxsus jismoniy sifatlarni o’stirish masalalarini xal qilishga, hamda texnik-taktik tayyorgarlik va o’yin mahoratini takomillash-tirishga qaratilgan bo’ladi.

To’rtinchi bosqich: — harakatni o’yin jarayonida mustahkamlashni ko’zda tutadi. Bunda bajarilgan harakatlarni talqin qilish uslubi qo’llanadi (rasmlar, jadvallar, o’quv filmlari, tasviriy filmlar), o’yin jarayonida texnik-taktik, maxsus tayyorgarlik topshiriqlari, o’yin va «bellashish» usullari.

 Tayyorgarlik va o’quv o’yinlarida har bir usulni (malakani) o’rganish, uni takomillashtirish va mukammallashtirish ko’zda tutiladi. Malakani mustahkamlashning eng yuqori vositasi – bu musobaqalashishdir.

O’qitish (o’rgatish)da faol uslublar katta imkoniyatlarga egadir. Ularning orasida – muammoli o’qitish (muammoli vazifalarni qo’yish) va o’zining o’zlashtirishini baholash uslubi alohida axamiyatga ega. Muammoli vazifalarni qo’yish, uning echimini qidiruvchi holatni, vaziyatni vujudga keltiradi, o’zini baholash esa harakatlanish faoliyatini yana ham faollashtirishga olib keladi, bu o’quvchi qiziqishini yana ham orttiradi hamda ijodiy fikrlashga o’rgatadi. Yuqorida aytilganlarni basketbolga qo’llash muhim ahamiyatga ega bo’lib, pirovardida asosiy mohiyati shundaki, natijalarni ko’rib turish, tushunish, maqsadga yaqinlashayotganligini aniq sezib tarishdir.

Jismoniy tarbiya darsining maqsadi va vazifalari

         Jismoniy tarbiya darsining asosiy maqsadi «jismoniy madaniyat» va uning tarkibiy yo’nalishlari (jismoniy tarbiya, sport, jismoniy va funksional tayyorgarlik, jismoniy sifatlar va hokazo) haqida dastlabki bilim berish, hayotiy zarur harakat malakalri va ko’nikmalarni shakllantirish, asosiy jismoniy sifatlarni tarbiyalashdan iborat. O’z salomatligi va jismoniy qudratini mustahkamlash o’quvchi yoshlarning nafaqat shaxsiy ishi, balki bu mas’uliyat ularning jamiyat oldidagi burchi ekanligini ongiga singdirish o’qituvchi tomonidan hal etiladigan muhim masalalardan biri bo’lishi lozim. Ushbu maqsadga erishish yosh avlodni «katta» hayotga tayyorlash, bo’lajak kasbiy faoliyatni samarali tashkil qilish, turmush qiyinchiliklarini engib o’tish va O’zbekiston Qurolli Kuchlari safida harbiy xizmatni sharaf bilan ado etish imkoniyatini yaratadi.

         Jismoniy tarbiya darsining vazifalari yuqorida qayd etilgan maqsadlardankelib chiqqan holda sog’liqni mustahkamlash, umumiy va maxsus jismoniy sifatlarni rivojlantirish, muayyan sport turi (basketbol)ga xos harakat malakalari texnikasiga o’rgatish hamda sport intizomini shakllantirish, raqibini hurmat qilish hissiyotini uyg’otish, iroda, diqqat vasezgirlik kabi xislatlarni tarbiyalashdan iborat.

Darsning tuzilishi va mazmuni

         Basketbol bo’yicha o’tkaziladigan jismoniy tarbiya darsi, shu jumladan basketbol darsi 3 qismdan tashkil topadi.

         1 qism – tayyorlov 10-12 daqiqaga teng bo’lib, o’z ichiga sinfni tashkil etish (saflanish, navbatchi o’quvchini o’qituvchiga davomat haqida axborot berishi, dars vazifalari bilan tanishtirish), saf mashqlari, umumiy va maxsus mashqlarni kiritadi. Darsni tayyorlov qismida beriladigan mashqlar shu darsni maksad vazifalarini echishga qaratilgan bo’liщi lozim. Tayyorlov mashqlari tana muvozanatini saklash, qaddi-qomatni shakllantirish, yurish, yugurish, sakrash, kuch, tezkorlik, chaqqonlik, chidamkorlik va egiluvchanlik sifatlarini tarbiyalashga mo’ljallanadi. Darsning tayyorlov qismi o’quvchilar organizmini «qizitish» va uni funksional jihatdan shu darsning asosiy qismiga tayyorlashdan iborat. Darsning ushbu qismini o’tkazish shiddati dastlab sekin-asta oshirilib, shu qismni o’rtasidan yana sekinlashtirilishi kerak.

         Asosiy qism 30-35 daqiqa davom etadi. Mazkur qismda darsni asosiy maksad va vazifalari echiladi. Texnik-taktik malakalar o’zlashtiriladi. Buning uchun o’rganiladigan o’yin malakalariga oid taqlid va to’p bilan bajariladigan mashqlar qo’llaniladi. Malakalarga o’rgatish va ularni shakllantirish yakka tartibda yoki kichik guruhlar va barcha o’quvchilar ishtirokida amalga oshiriladi. Bu qismda o’rgatish jarayoni sekin shiddatda, takomillashtirish jarayoni esa katta tezlikda kechishi lozim.

         Yakuniy qism – 3-5 daqiqa davom etadi. Bu qismning maqsadi o’ta sekin shiddatda ijro etiladigan mushaklarni bo’shashtiruvchi va taranglashtiruvchi mashqlar hamda milliy harakatli o’yinlar yordamida charchoqni bartaraf etish, organizmning funksiyalari va ish qobiliyatini tiklashga qaratiladi.

         Dars davomida jismoniy sifatlarni tarbiyalash, harakat (texnik-taktik) malakalari texnikasiga o’rgatish va ularni takomillashtirish turli pedagogik uslublar yordamida amalga oshiriladi. Bu uslublar quyidagilardan iborat:

—                   tushuntirish;

—                   ko’rsatish (namoyish etish);

—                   muayyan malakani qismlarga bo’lib o’rgatish;

—                   malakani to’liq holda sekin va katta tezlikda o’rgatish;

—                   qaytarish;

—                   o’yin uslubi;

—                   musobaqa uslubi va hokazo.

O’rgatish jarayonida, bundan tashkari, rag’batlantirish va jazolash, ishontirish kabi usullar ham o’rin oladi.

Har bir uslubni qo’llashda o’ziga xos vositalar (mashqlar)dan foydalaniladi.

Basketbol bo’yicha o’tkaziladigan jismoniy tarbiya darsi yakunida, aksariyat hollarda, o’quvo’yini o’tkaziladi. Bunday o’yinlarni o’tkazish davomida o’yin qoidalarini o’zlashtirishga va hakamlik qilish sirlarini o’rgatishga alohida e’tibor qaratiladi.

O’rgatish va takomillashtirish jarayonida beriladigan vazifa, shu jumladan qo’llaniladigan mashqlar «oddiydan murakkabga», «o’tilganidan o’tilmaganiga» va «yengilidan og’iriga» (nagruzka jihatidan) kabi didaktik tamoyillarga rioya qilish shart.

Dars jarayonini rejalashtirish,  unga tayyorgarlik

ko’rish va o’tkazish tartibi

Darsning sifati va samaradorligi nafaqat o’qituvchining mahorati hamda tajribasiga bog’liq, balki uni muayyan darsga qanday tayyorgarlik ko’rishiga ham bog’liqdir.

Darsga tayyorgarlik ko’rish quyidagi tadbirlarni amalga oshirishdan iborat:

—         dars jarayonini loyihalash (rejalashtirish);

—         darsni samarali va sifatli o’tkazish modelini ishlab chiqish;

—         darsning foydali zichligini ta’minlash imkoniyatlarini aniqlash;

—         o’quvchilar tarkibidan yordamchilar tayinlash;

—         tayyorlangan va tasdiqlangan dars bayonnomasini ko’rib chiqish, agar zaruriyat bo’lsa, o’zgartirish kiritish (dars bayonnomasi ilova qilingan);

—         o’quvchilar tomonidan bilim, malaka va ko’nikmalarni o’zlashtirish darajasini aniqlash (baholash) mezonlarini ko’rib chiqish;

—         dars o’tkazish joyi, foydalaniladigan asbob, anjom va uskunalar tayyorligini ko’zdan kechirish;

—         darsdan so’ng navbatdagi dars qanday fandan ekanligini aniqlash;

—         o’qituvchining o’z tashqi qiyofasi va sport kiyimiga e’tibor berishi;

—         muayyan darsda ishtirok etadigan sinf o’quvchilarining jismoniy va funksional imkoniyatlarini e’tiborga olish.

Bundan tashqari o’qituvchi quyidagi rejalashtiruv hujjatlari bilan qurollangan bo’lishi shart:

—         ta’lim standarti va klassifikatori;

—         o’quv dasturi bo’limlari bo’yicha yillik o’quv soatlarining taqsimlanish rejasi;

—         sinflar, choraklar va darslar bo’yicha yillik reja-jadvali;

—         choraklar bo’yicha o’quv materiallarini taksimlanish jadvali;

—         dars mavzulari aks ettirilgan chorak ish rejasi;

—         dars bayonnomasi;

—         sinf jurnali.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting