DTM milliy test tizimi Kimyo va biologiya fanlaridan test natijalari e’lon qilindi

Tavsiya etamiz

Joriy yildan boshlab bosqichma-bosqich bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga mos fanlar majmuasidagi umumta’lim fanlaridan bilish darajasini baholashning milliy test tizimi joriy etiladi, O‘zA Vazirlar Mahkamasining 12 oktyabrdagi 646 son qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2021/2022 o‘quv yili qabulidan boshlab tegishli umumta’lim fanini (chet tili bundan mustasno) bilish darajasi to‘g‘risida davlat namunasidagi sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentga sertifikatdagi o‘zlashtirish foiziga mos ravishda oliy ta’lim muassasasi bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha test sinovlarida ushbu fandan belgilangan maksimal ballga nisbatan tabaqalashtirilgan (proporsional) ball berish tartibi joriy etiladi.

2021-yil 11-12-may kunlari ilk bor kimyo va biologiya fanlaridan milliy sertifikatlash imtihonlari o‘tkazilgan edi.

Mazkur imtihon natijalari Davlat test markazining my.dtm.uz saytida e’lon qilindi.

Test sinovida ishtirok etgan talabgorlar o‘z natijalari bilan my.dtm.uz sayti orqali shaxsiy kabinetida tanishishlari mumkin.

Test sinovi natijasi bo‘yicha eng yuqori ballning kamida 60 foizini to‘plagan shaxslarga 3 yil muddatga sertifikat beriladi.

Test sinovidan muvaffaqiyatli o‘tgan talabgorlar o‘z sertifikatlarini shaxsiy kabinetlari orqali elektron shaklda yuklab olishlari mumkin.

Mazkur sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentlarga sertifikatdagi o‘zlashtirish foiziga mos ravishda oliy ta’lim muassasasiga kirish test sinovlarida ushbu fandan belgilangan maksimal ballga nisbatan tabaqalashtirilgan (proporsional) ball beriladi.

Eslatib o‘tamiz, natijasidan norozi bo‘lgan talabgorlar, 5 ish kuni mobaynida apellatsiya arizalarini berishlari mumkin.