Farzandingizga qo’l ko’tarmang.

Tavsiya etamiz

Mashhur bolalar yozuvchisi Astred Lindgrenning fikricha, dunyodagi vahshiylik bolalar xonasida boshlanar ekan.

1979-yilda Astred Lingredning bir nutqidan so’ng Shvetsiya birinchi bo’lib bolalarni oilada urish mumkin emasligi haqida qonun chiqaradi.

Astred Lingred o’z nutqida quyidagi hikoyani so’zlab beradi:

Bir ona o’ziga hech qachon farzandini urmaslikka va’da beradi. Lekin shunga qaramay, bir kuni o’g’lining bir nojo’ya harakati tufayli uni jazolamoqchi bo’ladi. U davrlarda bolani chiviq bilan urish keng tarqalgan jazo turi edi. Shunda ona o’z farzandiga borib ko’chadan bir nechta chiviq olib kelishini buyurgan. U chiviq bilan urib uni jazolashini bolasiga aytgan. Bola uzoq vaqt yo’q bo’lib ketib, birozdan so’ng ko’zi yoshdan shishgan holda qaytib keladi. Faqat qo’lida chiviq emas kattagina tosh bo’lgan. Onasi hayron bo’lib, toshga qarasa, bola unga yig’lab: «Chiviq topa olmadim, lekin meni jazolash uchun shu toshni topib keldim, uni menga otsangiz bo’ladi», degan.

Shunda ona ushbu holatga bolaning ko’zi bilan qaragan. «Onam menga og’riq keltirmoqchi bo’lsa, nima farqi bor, qanday yo’l bilan unga erishadi, chiviq bilan uradimi yoki menga tosh otadimi…» Shunda ona yig’lab yuboradi. Kim bolasiga tosh ota olarkan…unda chiviq bilan urishning undan nima farqi bor?

Hech qachon jismoniy jazo bolani to’g’ri yo’lga sola olmaydi. Chunki bola bu jazoga qanday qarashini biz ota-onalar bilmaymiz. Bola yomon ish qilib qo’ygani uchun uni jazolashlarini, esida qolishi uchun uni urishishlarini tushunmaydi. U himoyachisi, sevimli va u ishongani insoni – onasi unga og’riq keltirayotganini his etadi, xolos.

Shuning uchun Astred Lingred vahshiylik aynan bolalar xonasida boshlanadi, deb ta’kidlagan. Chunki bola uchun eng qadrli inson – onasi unga og’riq keltirib, buni har xil gaplar bilan tag’in oqlab turayotgan bo’lsa, u holda boshqalardan nimani kutadi?

Tavsiya etamiz: Bolaga qo’shimcha ovqat berish tartibi, 1 oyda 12 oygacha tartibi

Axir dunyodagi vahshiyliklar ham doim har xil oqlovlar bilan amalga oshirilmaydimi?

Qizimga har doim bir nimadan qo’rqsa, «Qo’rqmagin, men seni himoya qilaman», deyman. Bir kuni uni bir qilig’i sabab urishdim, U esa «Siz yog’onchisiz, qanday qilib himoya qiladigan odam, shunday urishishi mumkin», deb aytdi…

Darhaqiqat, bolalar ba’zan bizdan-da aqlli bo’ladilar. Ular vaziyatga umuman boshqa nazar bilan qaray oladilar.

Ota-onalar psixologlar va olimlarning bola psixikasi bo’yicha olib borgan tadqiqotlaridan boxabar bo’lishlari lozim. Bolani urib, jazolab to’g’ri yo’lga solib bo’lmaydi. Faqat yaxshi tarbiya bolani yaxshi bo’lishiga yordam beradi. Bolani urganda esa, bola kuchli bo’lsa, u vahshiy bo’lib katta bo’ladi, agar bo’shroq bo’lsa, u holda alamli, uyatchan, o’zini kamsitadigan inson bo’lib yetishadi.

Albatta shunday davr bo’ladiki, bolani jazolashga to’g’ri keladi. Lekin buning uchun urishdan boshqa ming xil yo’llar mavjud. Ota-ona boshqa yo’l izlashga sabri ham, vaqti ham bo’lmaydi, shunga osongina bolani urib tinchitib qo’yadi.

Onaning jismoniy kuchi mana shu 6-7 yoshli bo’laga yetadi.

Qizig’i shundaki, ota-onaning kuchi odatda bir farzandiga yetadi. Ko’pincha, bu to’ng’ich farzandidir. Uni eng ko’p urishadi, unga qo’yilgan talab eng katta bo’ladi, uni urish ham osonroq bo’ladi. O’ylab ko’rganmisiz hech, nega?

«Meni ham ota-onam urgan, kam bo’lmadim», deb o’zingizni oqlamang. Shunday deya olayotganingiz ham sizni psixologik zaif inson bo’lib katta bo’lganingizdan dalolat bermoqda. Urmay tarbiyalashning iloji bor. Yoshligida jismoniy jazolanmagan minglab baxtli, mehribon farzandlar mavjud. Ular kelajakda ajoyib ota-ona bo’ladilar.

Tarbiya bera olmaslik boshqa, urmaslik boshqa. Birini-biri bilan adashtirmaslik lozim.

Ko’pincha, ota-ona bolasini urib tarbiyaga chaqirganda «Meni ham onam (otam) urganlar, kam bo’lmadim» deb o’zlarini oqlaydilar. Lekin nahotki o’sha payt sizga qanchalik ularning qo’li qattiq botgani esingizda bo’lmasa? Nahotki o’z farzandingiz ham shuni his etishini istasangiz? Axir jismoniy og’riq o’tib ketadi, lekin qalbdagi og’riqlar farzandingizni hayoti davomida qiynab qo’yishidan qo’rqmaysizmi?

Yoshligida ko’p kaltak yegan bolalar o’qishda, ishda cho’qqilarni zabt etishi mumkin, lekin bu muvaffaqiyatlar orqasida bolaning ichidagi psixologik stresslari yotadi. U barcha muvaffaqayatlarga xohish tuyg’usi bilan emas, balki qo’rquv tuyg’usi bilan erishadi. Bu tuyg’u esa unga hech qachon chindan baxtni his eta olishiga yo’l bermaydi. Chunki u maqsadga erishib «jazo»dan qutulganidan xursand bo’ladi, maqsadni qo’lga kiritganidan emas.

Bolani urganda ota-onalar «Yaxshi gapga tushunmaydi» deb o’zini oqlaydilar. Siz o’sha gapni tushuntirib berishga harakat qilib ko’rganmisiz? Albatta, bunga ota-onadan ko’p mashaqqat talab etiladi. Urib, bolani qo’rquvga solib ota-ona o’z istagiga oson erishadi. Agar bolaga vaqt ajratib, u nega qarshilik ko’rsatayotganini aniqlab, bolaga siz undan kutayotgan narsani mehr va sabr bilan tushuntira olsangiz, bola, albatta, quloq soladi. Bola sizni hurmat qilishi kerak. Hurmatga esa, urish bilan emas bolani tushunish bilan erishiladi. Sizni quloq solmayotgan bo’lsa, demak siz unga yo’l topa olmayapsiz. Hamma ishingizni chetga surib, bolangiz yoniga kelib uni bag’ringizga bosib, u bilan gaplashib ko’ring. Boshida, albatta, u o’zini olib qochadi, chunki sizning bunday iltifotingizga o’rganmagan. Keyin esa ochiladi, uni nima qiynayotganini bilasiz. Ko’pincha, bola ota-onaga quloq solmasligiga unga mehr va e’tibor yetishmasligi sabab bo’ladi.
Bunday payt bolani ursangiz uni o’zingizdan yanada uzoqlashtirib yuborasiz. Shuni unutmangki, bu ketishda u katta bo’lganida siz uni quchoqlayman desangiz ham endi u ko’nmaydi. U payt siz uning mehriga ko’proq zor bo’lasiz.

Bolani urib o’z bo’shligingizni ko’rsatmang.

Siz jismonan kattaroq va kuchliroq ekanligingizdan bolani urishga haqqingiz yo’q. Axir u sizga teng kuch bilan qaytara olmaydi. Uni alami ichida qoladi. Bu alam esa hayot davomida har xil vaziyatlarda namoyon bo’ladi.
Bola sizni asabiylashtirayotganini sezdingizmi, tezda uning yonidan keting. G’azablanayotgan paytingizda aslo bolani oldida bo’lmang. Tinchlanganingizdan so’ng u bilan gaplashib olishingiz mumkin. G’azab juda yomon narsa, bolani qattiq urib yuborish yoki mayib qilib qo’yish ham hech gap emas. Bunga yo’l qo’ymang. O’zingizni qo’lga olib, bola bilan unga tushunarli tilda gaplashishni biling. Axir siz katta bo’la turib o’zingizni qo’lga olishni bilmasangiz, boladan nimani kutasiz?

Ota-onada «Sabrim chidamaydi» degan gap ham ko’p uchraydi. Nega? Nega o’z farzandingizga sabringiz chidamas ekan? Bir o’ylab ko’rganmisiz? Nega ishxonadagi boshliqqa, eringizning sizga yoqmas qiliqlariga, xotiningizning kamchiliklariga, boshqa muammolarga sabringiz chidaydi-yu, o’z farzandingizga esa yo’q? Boshlig’ingiz sizni qiynab yuborganda uni urib tashlamaysiz-ku? Chidaysiz, muammoni hal qilish yo’llarini izlaysiz, yon bosasiz, lekin u begona. Farzandingizga kelganda esa negadir hech narsaga vaqt topa olmaysiz? Farzand bu eng oliy ne’mat. Farzandingiz juda tez katta bo’lib qoladi, hozir unga qancha ko’p vaqtingizni, mehringizni va e’tiboringizni ayamasangiz, keyinchalik shuncha o’zingizdan mamnun bo’la olasiz. Mehr va e’tiborga to’yib o’sgan bola juda baxtli va chiroyli hayot kechira oladi.

Bolani urish o’rniga uni jazolash yo’lini qo’llash mumkin. Masalan, «Dars qilmasang, televizor ko’rmaysan», «Xonangni tozalamasang, ko’chaga chiqmaysan» va boshqalar. Uni urib, uyni tozalatib keyin ko’chaga o’ynashga chiqarib yuborish tarbiyasiga hech ham foyda bo’lmaydi. Bola siz undan nima istayotganingizni aniq bilsin, unga o’z istaklaringizni tushunarli va aniq qilib yetkazishni biling. Prinsiplaringiz o’zgarmas bo’lsin. Bugun «Xo’p mayli, chiqaver ko’chaga» deb, ertasi kuni «Nega uyni tozalamasdan ko’chaga chiqib ketding?» deyishingi istaklaringiz bola uchun tushunarsiz ekanligini ko’rsatadi.

Unutmang, bola qalban doim sizni xursand qilish niyatida bo’ladi, shunday ekan unga bu maqsadiga erishish uchun imkoniyat yaratib turing.

Qanday vaziyat bo’lmasin, bola nima qilmasin, ko’pincha, bolani betarbiya ekanligida ota-ona aybdor bo’ladi. Shunday ekan bolani urib, o’z ayb va kamchiliklaringizni bekitishga urinmang.

Bolani seva biling. Axir u go’dak, u juda kuchsiz. Uni o’sib borayotgan g’urur va o’zligini sindirmang.

Muminova D.R.
Manba