Tavsiya etamiz
Maqol deb xalqning ijtimoiy-tarixiy, hayotiy-maishiy tajribasi umumlashgan badiiy, obrazli mulohazalardan iborat hikmatli soʼzlarga aytiladi. Maqol oʼzbek tilida maqol, tojiklarda zarbulmasal, ruslarda poslovitsa, arablarda (jonli soʼzlashuvda) naql, turklarda ata soʼzi atamasi bilan yuritiladi. Maqol atamsi arabcha [قوڶ] – qavlun – gapirmoq, aytmoq soʼzidan olingan. Ushbu sahifada Goʼzallik va xunuklik haqida maqollar keltirilgan
Аqlli xotin — uy koʼrki,
Chiroyli xotin — koʼcha koʼrki.
Bozorga — baqqol,
Yigitga — soqol.
Bogʼ koʼrki — bodom,
Dunyo koʼrki — odam.
Bogʼ chiroyi gul bilan.
Bogʼ oʼzini togʼ aylar,
Togʼ oʼzini — bogʼ.
Gul oʼssa — yeming koʼrki,
Qiz oʼssa — elning koʼrki.
Gulning toʼni — qirq yamoq, ammo xushboʼy.
Gulning ham tikani bor.
Goʼzal koʼrish — koʼzga savob.
Daraxt — yer ziynati,
Kiyim — er ziynati.
Daraxtning husni — bargi bilan mevasi.
Didsiz oʼtirgan yerini ham changitar.
Yetmish goʼzallikning bittasi — mehnat.
Inson qoʼli — gul.
Ipor isi sandiqdan ketmas.
Ipor isini yashirib boʼlmas.
It desa, quyrugʼi yoʼq,
Sigir desa — muguzi.
Yigit koʼrki — ot-yarogʼ.
Yigit chiroyi — argʼumogʼi,
Kelin chiroyi — chaqalogʼi.
Yirtiq toʼnga — zar yamoq.
Kal boshiga — shamshod taroq.
Kamtarlik ham husn.
Kapalak gulni deydi,
Bulbul — kuyini.
Kiyikli togʼ — suyukli togʼ.
Kiyiming janda boʼlsa ham, ganda boʼlmasin.
Kir koʼylakka — jun yoqa.
Kishining chiroyi yuzida.
Kulgi chehra yoritar.
Koʼzga yaqin — koʼngilga yaqin.
Koʼra-koʼra koʼrkam boʼlar,
Yura-yura chechan boʼlar.
Koʼsa qariganini bilmas.
Maydon koʼrki — yogʼish,
Gilam koʼrki — naqsh.
Nozsiz xotin — yolqinsiz oʼtin.
Notavon koʼngilga — qoʼtir jomashov.
Odamga — lafz, goʼsalaga — dum.
Odamga — libos, eshakka — toʼqim.
Odamning yuzi quyoshni uyaltirar.
Oy suluvi — nur, Soy suluvi — suv.
Oyda ham dogʼ bor.
Oydinda oq kiygan,
Koʼlankada koʼk kiyar.
Olmoqning koʼrki — bermoq.
Onangni otangga bepardoz koʼrsatma.
Otni yaxshi koʼrsatgan —
Tuyoqdagi taqasi.
Toʼnni yaxshi koʼrsatgan —
Yengi bilan yoqasi.
Oq koʼngillikning yuzi koʼrkam.
Pardoz qilgan chiroyli
Аmmo husni bir oyli.
Pardozlini uyda koʼr,
Xotiningni toʼyda koʼr.
Pardozni pardoz buzar.
Pes ham oʼz yoʼliga,
Husn ham oʼz yoʼliga.
Sozli tordan — nozli sado.
Suluv suluv emas,
Suygan — suluv.
Suluvidan jiluvi yaxshi.
Sumbul taqimda,
Yigit koʼzi unda.
Supurgi yerning husni,
Kamtarlik — erning.
Suqma boʼlsa ham yoʼl yaxshi,
Soʼqir boʼlsa ham qiz yaxshi.
Soʼz koʼrki — maqol,
Guzar koʼrki — baqqol,
Yigit koʼrki — soqol.
Soʼqir koʼzga surmaning keragi yoʼq.
Tashiga qarama, ichiga qara.
Terak ham bogʼ ziynati.
Tovus tanasiga qarab yayraydi,
Oyogʼiga qarab yigʼlaydi.
Toz — tanishdan,
Qoʼtir — qamishdan.
Togʼning koʼrki — lola bilan,
Uyning koʼrki — bola bilan.
Turq boshqa-yu, koʼrk boshqa.
Uyga palos yarashar,
Xotinga — libos.
Umr oʼzar, husn toʼzar.
Xol — joyida aziz.
Xotinga mol berma, xol ber.
Xunukdan xudo bezor.
Xushxulqlik — jamol,
Kamtarlik — kamol.
Chiroy toʼyda kerak.
Chiroy husn-u jamolda emas, fazl-u kamolda.
Chiroyga non botirib yeb boʼlmas.
Chiroyli qizning nozi bor.
Chiroylilik murod emas,
Xunuklik uyat emas.
Chopmasang ham ot yaxshi,
Quchmasang ham qiz yaxshi.
Choʼlda oʼsgan giyoh ham — choʼlga husn.
Choʼtirning ham oʼz husni bor.
Shaharda bir xotin boʼlsa,
Zargar ochidan oʼlmas.
Egri boʼlsa ham yoʼl yaxshi,
Qari boʼlsa ham qiz yaxshi.
Eshakka — toʼqim, odamga — libos.
Yuz — oʼtdan issiq.
Yaxshi qiz — yoqadagi qunduz,
Yaxshi yigit — koʼkdagi yulduz.
Yaxshi qomat — yarim omad.
Yaxshi husn — yarim baxt.
Yaxshining yuzi oftobni ilitar.
Yaxshining yuzida zuluk ham xol boʼlib koʼrinar.
Oʼziga boqmagan oʼzgaga yoqmas.
Oʼyida bor-u, boʼyida yoʼq.
Oʼyin soz bilan,
Qiz — noz bilan.
Oʼrdak oʼziga oro bersa ham, oqqush boʼlolmas.
Qari boʼlsa ham qiz yaxshi,
Аchigan boʼlsa ham — qimiz.
Qiz bola — gul-lola.
Qiz bola — uy ziynati.
Qiz bola erda yaxshi,
Er olmasa goʼrda yaxshi.
Qiz bor — qirgʼiz qovoqli,
Qiz bor — qarchigʼay qanotli.
Qiz qiligʼi bilan issiq.
Qiz husni — yuragida.
Qizni kim sevmas.
Qimizni kim ichmas.
Qizning isi — gulning isi.
Qizning koʼzi — qizilda,
Yoshning koʼzi — yashilda.
Qizning qiligʼi yaxshi,
Sutning — iligʼi.
Qirqqacha koʼsa yaxshi,
Qirqdan soʼng oʼlsa yaxshi.
Qozi rishvasiz boʼlmas,
Qiz ishvasiz boʼlmas.
Qozon qayda — suv shunda,
Suluv qayda — koʼz shunda.
Qori boʼlmasa, qish xunuk,
Yori boʼlmasa — qiz xunuk.
Quloq soʼz uchun,
Olam koʼz uchun.
Havoning taftiga boq,
Odamning aftiga boq.
Har bogʼning — guli,
Har chorbogʼning — bulbuli.
Har gulning hidi boshqa.
Har goʼzalning bir aybi bor.
Har kimning didi boshqa.
Har narsaning yarashigʼi bor.
Har qushning qanoti oʼziga yarasha.
Husn goh baxt keltirar,
Goh — kulfat.
Husn — yarim davlat, yarim ofat.