Tavsiya etamiz
Pensiya taʼminoti tizimida uy bekalari uchun ham kelajakda pensiya olish imkoniyati yaratiladi. Bu haqda Moliya vazirligi huzuridagi Pensiya jamgʻarmasi axborot xizmati maʼlum qildi.
Xabarda aytilishicha, Pensiya taʼminoti toʻgʻrisidagi qonunga oʻzgartirishlar kiritilmoqda. Unga koʻra, ishlovchi fuqarolar tomonidan ishlamaydigan turmush oʻrtoqlari kelgusida pensiya taʼminotiga ega boʻlishlari uchun oʻz daromadlaridan ixtiyoriy ravishda har oyda ijtimoiy soliq toʻlash huquqi berish va ish stajiga qoʻshib hisoblash tartibi nazarda tutilgan. Mazkur tizim amaliyotga joriy etilsa, uy bekasi boʻlgan ayol kelajakda pensiya olish imkoniyatiga ega boʻladi.
Qonun loyihasida “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi qonunga quyidagi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish nazarda tutilmoqda:
2005-yil 1-yanvardan avvalgi davr uchun ish staji shaxsning mehnat daftarchasida (elektron mehnat daftarcha)gi mavjud yozuvlar asosida hech qanday tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmasdan hisoblash. Bunda, 2021-yil 1-iyundan boshlab yangi pensiya tayinlashda 2005-yildan avvalgi yillar uchun ish staji shaxsning mehnat daftarchasidagi mavjud yozuvlar asosida hech qanday tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmasdan hisoblash tatbiq etilishi;
ishlovchi fuqarolar tomonidan ishlamaydigan turmush oʻrtoqlari kelgusida pensiya taʼminotiga ega boʻlishlari uchun oʻz daromadlaridan ixtiyoriy ravishda har oyda ijtimoiy soliq toʻlash huquqi berish va ish stajiga qoʻshib hisoblash. Mazkur tizim amaliyotga joriy etilsa, oilada bola parvarishi va boshqa yumushlar bilan band boʻlgani yoki turmush oʻrtogʻining xohishiga asosan ishlamagan turmush oʻrtogʻini kelajakda pensiya bilan taʼminlash imkoniyati;
pensiya va nafaqalar fuqaroning xohishiga koʻra roʻyxatga olingan doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi boʻyicha tayinlash va toʻlash. Buning natijasida fuqarolarga doimiy yoki vaqtincha roʻyxatga olingan turar joyi boʻyicha pensiya (nafaqa) tayinlash va toʻlash uchun murojaat qilish imkoniyati yaratiladi;
uch yil va undan avval tayinlangan yoki qayta hisoblangan pensiyalar tekshirilishiga hamda pensiya miqdoridan ortiqcha pullar toʻlanganligi aniqlangan holatlarda ortiqcha toʻlangan summalarni ushlab qolishga yoʻl qoʻymaslik;
fuqaroning vafoti munosabati bilan olinmay qolgan pensiyalarni uni olish huquqiga ega boʻlgan fuqarolarga toʻliq oy uchun toʻlash tizimini joriy etish taklif etilmoqda.
Bundan tashqari, pensioner olishi lozim boʻlgan va uning vafoti munosabati bilan olinmay qolgan pensiya puli meros tarkibiga kiritilmasdan boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi bilan taʼminlanadigan shaxslar doirasiga kiruvchi oila aʼzolariga toʻlanadi.
Endilikda ish staj yetarli boʻlmaganda ham pensiya tayinlanishi mumkin. Yaʼni ish stajiga mutanosib miqdorda pensiya tayinlanadi.