Kitob haqida sara sherlar to‘plami

Abituriyent ruxsatnomasi 2022 yuklab olish:

Kitob haqida eng sara sherlar to‘plami kattalar va bolalar uchun qabul qiling.

Mundarija

Bolaga kitob bering

Bolalarga kitob bering –
Degan chorlov yangrab qoldi.
Ma’rifatli yuraklar bu,
Hikmat ruhin anglab oldi.

O‘yinchoqning o‘rni bo‘lak,
Liboslar eskirar bir kun.
Kitoblar ilm-u ziyoni,
Asrar bag‘rida bus-butun.

Besh tashabbus qanotida,
Sezib zamon shitobini,
Sovg‘a qiling farzandlarga,
Yaxshi ko‘rgan kitobini.

Shunda ular ko‘ngli osmon,
Yarayin deb el koriga.
Shon-shuhratlar olib kelar,
Unib-o‘sgan diyoriga.

Kitob deydi

Kitob deydi: — «Men bilan,
Do‘stlashing, bo‘lur foyda.
O‘rgansangiz qunt bilan,
Asqotaman xar joyda.

«Bilim manbai» derlar,
Barcha meni ardoqlab.
Meni qo‘lga olsanglar,
Nomim qo‘yaman oqlab!

Tanishaylik, men kitob

Tanishaylik, men-kitob,
Asl bilimlarga kon.
Boylik beray bexisob,
Bo‘lsang agar qadirdon.

Yomgirda ivib-buksam,
Qolib ketsam chang-loyda,
Keyin o‘kinma, oshnam,
Dakki yesang xar joyda.

Lekin yirtib, burdalab,
Kamaytirma varag‘im.
Sendan yana bir talab:
Iflos qilma xech yog‘im.

Tez qaytar olsang kimdan,
Burinimga sen qulf solma.
Kutubxona-do‘stingdan,
Tag‘in uyatga qolma.

Siyox to‘kib rang-barang,
Muqovamni bo‘yama.
Toza tutmoq istasang,
O‘rashga xech vaqt ayama.

Xar yerda xurmat qilgin,
Do‘stlashaylik umrbod.
Ilm nurin shimirgin,
Dil uying bo‘lar obod.

Tavsiya etamiz: Ona haqida sherlar to‘plami

Bu kitobdir, bu kitob

Hayotimiz oynasi,
Bilimlarning onasi,
Buyumlar durdonasi,
Menga o‘rgatgan odob,
— Bu kitobdir, bu kitob.

Mazmunlari xilma-xil,
Aqlingga qo‘shgan aql,
Do‘stimdir juda ahil,
Fan yo‘ilida nur-oftob
— Bu kitobdir, bu kitob.

O‘qish kitobi

Ifodali oʻqish ziynatdir,
Oʻquvchiga goʻzal xislatdir.
Oʻqish kimga kelmasa malol,
Ilm sirin ochar bemalol.

Biz oʻqigan sheʼr-u ertaklar,
Ezgulikka doim yetaklar.
Maqollarda bor olam maʼno,
Biz oʻqiymiz doimo aʼlo.

Oʻquvchining mudom hamrohi,
Bu sevimli «Oʻqish kitobi».

* * *

Kitoblar darsga xamdan
Zexni toblar xar dam.
Ajoyib keng olamni
Bilishga berar yordam.

* * *

Kitob qo‘limda qaranglar, qaranglar,
O‘kisam so‘zlari tilimda jaranglar,
Kitobim qo‘limda manosi qo‘limda,
Eng yaxshi odoblar yozilgan yeri bor,
Kitobim qo‘limda manosi qo‘limda.

Tavsiya etamiz: Ota haqida eng sara sherlar to‘plami

Kitobga do‘stman

Muqaddasdir tuprogʻim,
Muhabbati koʻprogʻim.
Yashnasin hurlik ichra,
Gulshanim, chaman bogʻim.

Yangrasa mumtoz bayot,
Jilmayib boqar hayot.
Sirlari koʻp olamda,
Har kunim bir kashfiyot.

Oshi halol elim bor,
Oftobjamol feʼlim bor,
Bulbullar makon topgan,
Yuragim xuddi bahor.

Vatan chorlasa shayman,
Tinchligin asragayman.
Mard boʻlib maydon tushgan,
Alpomishga oʻxshayman.

Odobga doʻst boʻlarman,
Oftobga doʻst boʻlarman,
Bobolarim singari,
Kitobga doʻst boʻlarman.

Kitob olib kelsangiz

Kichkintoyman, kichkina,
Menda yo‘qdir kek, gina.
Bizni bilmay ko‘p ona:
«Tarbiyasiz», der yana.

Tarbiyamiz buzilmas,
Ko‘nglimizni bilsangiz.
«Ma, xo‘rozqand!» demasdan,
Kitob olib kelsangiz!

Kitob eng yaxshi do‘st

Odamlar qalbiga nur sochar,
Ma’noli yozilgan zo‘r kitob.
O‘qisang gar sevib sen uni,
Bo‘ladi eng yaxshi do‘st kitob.

Sizga deydi bobongiz Jabbor,
Oltin davring o‘tkazma bekor.
Kitob o‘qib, chaq uning mag‘zin,
Bilimli bo‘l, och aql ko‘zin.

O‘qi, bolam, kitobing

O‘qi, bolam, kitobing ezgulikka boshlaydi,
O‘qisang, qattiq ko‘ngling, bolam, biram yumshaydi,
Bog‘laring, chamanlaring gul ochadi, yashnaydi,
Hayot nomli laylaklar yuragingda qishlaydi,
Avlodlaring, Vataning, bolam, mangu yashaydi,
Kir libosin egnidan dunyo yechib tashlaydi,
Vatansizlar, xoinlar, albat, labin tishlaydi,
Tinchlikni ko‘rolmaslar oxir boshin qashlaydi.

Bilimdonlar tafakkur chirog‘ini yoqadi,
Kelajakning qo‘llari eshigingni qoqadi,
Osmoningda oy, yulduz jilmayadi, boqadi,
Kitobingdan yaxshilik ziyo bo‘lib balqadi,
Qalb atalmish daryoda sohir hislar oqadi,
Dilginang chashmasida mehr suvdek qalqadi,
Ilmsizlik odamni ilondayin chaqadi,
Ko‘zlaringga javdirab dunyo hayron boqadi.

O‘qi, bolam, o‘qisang, yo‘llaring bo‘lgay ravon,
To‘solmaydi yo‘lingni uchragan turli dovon,
Obod, ozod diyorda surasan davr-u davron,
Dilingni zabt etolmas hasad, shubha-yu gumon,
O‘qiganni Yaratgan, albat, qo‘llaydi, ishon,
Turli balo-qazodan hur bo‘lasan, ham omon,
Dilginang osmonida charaqlar oydek vijdon,
Vataningga, farzandim, gul davron keldi, ishon.

Kitob o‘qigan bola

O‘rganar avval odob,
Kitob o‘qigan bola.
Yuzi bo‘ladi oftob,
Kitob o‘qigan bola.

Hurmat qilar kattani,
Kichiklar jon-u tani,
Bajaradi va’dani —
Kitob o‘qigan bola.

Suhbati xo‘p serma’no,
Yurish-turishi a’lo.
Olar faqat «besh» baho,
Kitob o‘qigan bola.

Kitob qo‘limda

Kitob qo‘limda qaranglar, qaranglar,
O‘qisam sozlari tilimda jaranglar,
Kitobim qo‘limda manosi qo‘limda,
Eng yaxshi odoblar yozilgan yeri bor,
Kitobim qo‘limda manosi qo‘limda.

Kitob sevgan inson

Kitob sevgan insonga,
Kitob erur xazina.
Kitob oʻqimaganlar,
Oʻzidan qilsin gina.

Kitobsiz uy zim-ziyo,
Yoʻqdir tuynuk, eshigi.
Zulmat uni qurshaydi,
Allalamas beshigi.

Kuch boʻlsa – kuch topilar,
Pashshada ham, baliqda.
Savodsizlik shiori,
Hammaga bir qullikda.

Kitobga oshno boʻlgan,
Farqlar yaxshi-yomonni,
Aql bilan ish koʻrar,
Bekor qiynamas jonni.

Shuning uchun oʻquvchim,
Kitob bilan oshno boʻl,
Zukkolik ulugʻ qurol,
Seni kutar yorqin yoʻl.

Jajjigina qalbingdan,
Joy topgin kitobga ham.
Eʼzoz qilgin non kabi –
Ulgʻayasan, boʻlmay kam.

Bobolardan meros u,
Kitob katta kuch bilsang.
Ilmga yetaklaydi,
U bilan doʻst tutinsang.

Kitobni do‘st bilganlar

O‘zligin anglay bilar,
Kitobni do‘st bilganlar.
Baxt yo‘lin tanlay bilar,
Kitobni do‘st bilganlar.

Ko‘zga surtar tuprog‘in,
Suyar gul-u yaprog‘in,
Qovjiratmas chorbog‘in,
Kitobni do‘st bilganlar.

Ona tilim manim, der,
Sha’ni yuksalganim, der,
Pastlatsa kim – g‘anim, der,
Kitobni do‘st bilganlar.

Gurunglarda gulnafas,
Yashnarbog‘dan kelgan sas,
E’tiqodi adashmas,
Kitobni do‘st bilganlar.

Oshin yemas minnatning,
Zalolatning, illatning,
Faxri bo‘lar millatning,
Kitobni do‘st bilganlar.

Asqotar yurt, eliga,
Qalqon do‘l-u seliga,
Mardlik xosdir fe’liga,
Kitobni do‘st bilganlar.

Gumroh dunyo unga yot,
Har kuni bir kashfiyot,
Fozillarga zurriyot,
Kitobni do‘st bilganlar.

Gard yuqmagan sahardir,
Ummon ichra gavhardir,
Asl vatanparvardir,
Kitobni do‘st bilganlar.

Tavsiya etamiz: Konstitutsiya haqida sherlar to‘plami

Kitob sodiq do‘st

Kitobni seving,
Butun borliq tabiat,
Sevgan kabi oftobni,
Bolajonlar, sizlar ham,
Seving aziz kitobni.

Kitob – sodiq do‘st erur,
Xoh kunduz, xoh tundadir.
Bor sir-u asrorlarning,
Yechimi ham undadir.

Kitob bois qalbingiz,
Oy-yulduzdek porlagay.
U sizni ezguliklar,
Dunyosiga chorlagay.

Yaxshi ertak, hikoya,
Go‘zal she’r-u dostonlar.
Ko‘nglingizni yayratar,
Etib bog‘-u bo‘stonlar.

Kimki kitob o‘qish-la,
O‘tkazadi vaqtini.
Hayotda u albatta,
Topgaydir o‘z baxtini.

Kitob do‘st erur mudom,
Butun insoniyatga.
Uni sevib sizlar ham,
Yeting orzu-niyatga!

Qo‘lingdan kitob tushmay

– Televizor oldida,
Hecham ko‘rmadim seni.
Qo‘lingdan kitob tushmay,
Lol qoldiryapsan meni.

– Maqtanchoqlikka yo‘yma,
Bu gaplarimni sira.
Kitob varaqlamasam,
Ko‘nglim tortadi xira.

Televizor ko‘rmayman,
Desam bo‘ladi yolg‘on.
Bolalarbop dasturlar,
Bizga zarur har qachon.

Biroq, rostini aytsam,
Kitobga, ortiq mehrim.
Diqqatimni tortadi,
Adabiyotning sehri.

Tiriklik mo‘jizasin,
Kitobda, deb bilmayman.
Kitob o‘qish baxtini,
Men barchaga tilayman.

O‘tayotgan har kunim
Kinoga o‘xshar go‘yo.
Do‘stim, bilsang, men uchun,
Kitobning o‘zi kino.

Kitob bayramlari yarashar

Yer yuzining qaysi burjida,
Kimlar nega, qandayin yashar?
Tinch-xotirjam o‘lkaga qarang,
Kitob bayramlari yarashar.

Bir-biridan qiziq kitoblar,
Qalin-yupqa tuzuk kitoblar,
Kecha, bugun – tarixim unda,
Varaqlayman, barisi shunda.

Savol keldi menga nogahon,
«Yashar edim kitobsiz, qanday?»
Cho‘chib tushdim bu o‘ydan hatto,
Ko‘zimga tor tuyuldi dunyo.

Birdan quyosh yo‘qolib qoldi,
Osmon oysiz tund bo‘lib oldi.
Zimistonga aylandi hayot,
Yo‘llarimni yo‘qotdim, nahot!

Ha, kitobsiz ma’ni yo‘q bunda,
O‘qib dilim yayraydi kunda,
Kitoblarning bahosi tengsiz,
O‘qing, boyib ketasiz cheksiz.

Darslik kitob qo’lingda

Darslik kitob qo’lingda,
Berilgandir u senga.
Yirtmay ko‘zday asrasang,
Kerak ukang Erkinga.

Erkin ham but yuritsa,
Muallim xursand bo‘lar.
Kitobga mehri ko‘pni
Sinfdoshlar xush ko‘rar.

Kitobing qoldan qolga,
O‘tib borsa top-toza.
Undan ko‘plar shodlanib,
Olishadi andoza.

Kitob bilim manbayi,
Bu barchaga ayon — haq.
Kitob o‘qib yashasang,
Umring o‘tar xushchaqchaq.

Kitob o‘qimas bola

Kitob o‘qimas bola,
Ko‘rdi qo‘rqinchli bir tush.
Kitoblari do‘q qilar,
Qo‘llari tugilgan musht.

Der, bizni unutgansan,
Har yonga irg‘itgansan.
Senga telefon bo‘lsa,
Tinmayin ishlab tursa.

Vaqtning qadriga yetgan,
Bolalarni topamiz.
Ular bilan do‘stlashib,
Fikrini uyg‘otamiz.

Holimiz bo‘ldi xarob,
Endi ketamiz qochib,
Bor xazinamiz bilan,
Yaxshilikka yo‘l ochib.

Boshqa kitoblar uning,
Gapiga qo‘shilishdi.
Yalqov, tanbal boladan,
Juda xafa bo‘lishdi.

So‘ngra tushdilar yo‘lga,
Qo‘llarni berib qo‘lga.
Qaramay orqasiga,
Yirtiq muqovasiga.

Shu payt o‘qimas bola,
Uyg‘onib ketdi cho‘chib.
Kitoblarning barini,
Dedi avaylab, quchib:

– Mendan xafa bo‘lmanglar,
Tashlab ketmang, iltimos.
Tekislab, yelimlayman,
Imkon beringlar biroz.

Telefonimdan faqat,
Foydalanay zarur payt.
Kompyuter, televizorga,
Kitobdan keyin navbat.

Ularni silab-siypab,
Javoniga taxladi.
Doimo do‘st bo‘lmoqqa
Chin yurakdan ahdladi.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting