Ota haqida eng sara, tasirli va manoli sherlar to‘plami. Kimning ota-onasi tirik ekan, u inson dunyoda eng baxtli insonlardan erur. Ayniqsa, bu tabarruk zotlar bilan bir xonadonda bo‘lishlik va ularning xizmatini chin dildan ado qilishlik dunyoning barcha ne’matlaridan ham a’loroq. Ma’lumotlar UZBAZA.UZ saytidan tayyorlandi.
Mundarija
Ota haqida tasirli sher
Men bulutni oq deb yuribman,
Yuragingiz buncha oq ota.
Rosiyada ishlab yuribman,
Dunyo menga o‘yingoh ota.
Qalaysan deb so’raysiz holim,
Har galgiday ko‘nglim chog’ ota,
Ko’zmunchoqlar bermasin onam,
Hudo menga ko’zmunchoq ota.
Duolariz asraydi meni,
Ko’nglim mangu yashar bog’ ota,
Yolg’onlarga o’rgatmagansiz,
Haqni izlab dilim tog’ ota.
Qaytkim kelar qishloqqa gohi,
Buncha og’ir yashamoq ota,
O’pib yashar oyog‘ingizni,
Tuproq mendan baxtliroq ota.
Otam — Shukur Qurbon sheri
Ey umrim javhari davlatim Otam,
Dillari quyoshdur mehribon Otam,
Sizga izdoshdurman abadul-abad,
Shul sabab ko’nglim shod g’rurim Otam.
Bu dunyo sinovli yolg’onchi dunyo,
O’tgaydur umrlar misoli daryo,
Do’st degan ulfatim bo’lsada ammo,
Bo’lolmas siz kabi dartkashim Otam.
Sizning-la bordurman ichra keng jahon,
Shukrumni e’shitsin ul buyuk Rahmon,
Qalbingiz og’ritib bo’libman nodon,
Doimo kechirgan rahimli Otam.
Bog’ ichra gurkirar chamanzor ravon,
Tinmagay har nafas mehnatkash bog’bon,
Mehnat ila ayladiz siz meni inson,
Siz mening qo’li gul bog’bonim Otam.
Bilsangiz yurarman osmonda doyim,
Siz borsiz omondur ko’kdagi boshim,
Shubha yuq aytarman har yerda so’zim,
Tog’ kabi sarviqor osmonim Otam.
Joningizga jon bo’lolmas afsus bu jonim,
Bo’lsa e’di berardim sizga bor umrim,
Insho Olloh ko’rgaysiz gullagan bog’im,
Nuri ila yoritgan jahonim Otam!!!
Dadajon tushlarimga kiring
O’z-o’zimni pichoqsiz so’ydim,
Yuragimni sog’inchdan o’ydim.
Bu dunyodan juda ham to’ydim,
Tushlarimga kiring Dadajon!
Meni yetim qilgan o’zingiz,
Bir bor ko’ray qizil yuzingiz,
Qayerlarda qolgan izingiz,
Tushlarimga kiring Dadajon!
Menga ayting o’shal arzingiz,
Tushunmabman sira dardingiz,
Yomon o’tdi bugun qadringiz,
Tushlarimga kiring Dadajon!
Dushmanlarga to’la koshonam,
Vayron bo’ldi sizsiz koshonam,
Bunchalar sho’r ekan peshonam,
Tushlarimga kiring Dadajon.
Otam tabassumi
Otam kulganida juda yayrayman,
Olamga bir boshqa ko’zla qarayman,
Ollohga shukur deb hech charchamayman,
Otam tabassumin yaxshi ko’raman.
O’z dardin hech qachon oshkor etmaydi,
Bizni siqilmasin deya saqlaydi,
Otam kulganida dunyo porlaydi,
Otam tabassumin yaxshi ko’raman.
Otam yuzlaridan bir nur yog’ilgay,
Ko’zlari ham ajib bir hisga to’lgay,
Meni otam doim duolar qilgay,
Otam tabassumin yaxshi ko’raman.
Otamga qo’shilib onam jilmayar,
Bunda mening baxtim ming karra oshar,
Ular kulganlarin ko’rib quvnayman,
Otam tabassumin yaxshi ko’raman.
Otam bilan onam doim sog’ bolsin,
Meni tabassumla duo qilishsin,
Men ham ular ko’nglin shod aylagayman,
Otam tabbasumin yaxshi ko’raman.
Otalarni yig‘latma hayot
Havas qilar ahli dunyo sabotiga,
Ko’z tegmasin iymon-etiqodiga,
Dog’ tushmasin oilasin nomiga,
Otalarni yig’latma hayot.
Ayollarning makriga hech uchmasin,
Keksayganda farzandlari kechmasin,
Dilbandini tobutini quchmasin,
Otalarni yig’latma hayot.
O’gli ichib chekib xor bo’lsa,
Qizi behayo, benomus, beor bo’lsa,
Ko’zlariga keng dunyo ham tor bo’lsa,
Otalarni yig’latma hayot.
Yig’lasa ham quvonchidan yig’lasin,
Farzandlari to’ylarida o’ynasin.
Hajga borib dili ko’zi quvnasin,
Otalarni yig’latma hayot.
Havas qilar axli dunyo sabotiga,
Ko’z tegmasin iymon etiqodiga,
Ko’z yosh yarashmaydi erkak zotiga,
Otalarni yig’latma hayot.
Otalar — Abdulla Oripov sheri
Otalar sha’niga loyiq so’z demoq,
Tabarruk bir kitob yozish bilan teng.
Ularning mehri-ku, bamisli charoq,
Bag’ri ham yulduzli osmon kabi keng.
Sharqona tashbehni olsam gar yodga,
Bir nomi buzurgu bir nomi faqir.
Zaminni kaftida tutib, avlodga,
Bus-butun yetkazgan otalar, axir.
Yuksak-yuksaklarga uchgan sor lochin,
Nazar uzmagandek polaponidan.
Bardavom naslini asramoq uchun,
Axir ota qavmi kechgan jonidan.
Non,degan farzandning dardli xitobi,
Goh uni tiriklay chohlarga tiqqan.
Bardoshli umrning zaqqum zardobi,
Sochlari qirovdek ko’pirib chiqqan.
Taxti Sulaymonddan balanddir beshak,
Ota deb atalgan martabayu baxt.
Farzand bunyod bo’ldi, o’lim yo’q demak,
Otaning ilgida zamon bilan vaqt.
Men ko’kka termulib kutmasman madad,
Do’st izlab har yonda kezmasman sarson.
Do’stu madadkor ham otadir abad,
Shoni-shoning erur, armoni-armon.
Farzand — Abdulla Oripov sheri
Bir kuni ranjitdi otani farzand,
Ota o’z uyidan bosh olib ketdi.
Lekin Alloh mehri bo’lib sarbaland,
Ota Makkatulloh vasliga yetdi.
Ota fig’on chekdi Ka’ba qoshida,
Go’yo unut bo’lgay alamlar bari.
Najot charx ursa ham garchand boshida,
Sira ketolmadi bir gapdan nari.
Ka’baga sig’inar ekan keksa chol,
Armonin oshkora aytdi olamga.
Dedi: — Ibodatim bo’lsa ham uvol,
Faqat saodat ber o’sha bolamga.
Ota duosi — Abdulla Oripov sheri
O’g’lim so’ramasman sendan mol-dunyo,
Uy ham qurib berma, mayli, alomat.
Mayli, ko’zlarimga bo’lmagil ziyo,
Yonimda yursang bas sog’u salomat.
Mayli, ko’tarmagil meni yelkangda,
Qalqon ham bo’lmagil yog’sa malomat.
Bir kuni yostiqqa boshim tekkanda,
Tepamda tursang bas sog’u salomat.
Ota — Muhammad Yusuf sheri
Armonim bor, bu dunyoda armonim bor,
Qoq dalada o’tlar bosgan o’rmonim bor.
Qizg’aldoqday boshim egik bu makonda,
Yonib yashab o’tmagan otajonim bor.
Ota desam, bag’ri-dilim yonaverar,
Kunim yonar, oyu yilim yonaverar,
Mozoriga qo’ygan gulim yonaverar,
Tutunlarga to’lib ketgan osmonim bor.
Esaversin jannatlardan kelgan nasim,
Momo yerim, o’zingsan eng muqaddasim,
Bag’ringda jim tinglab bu tun jon nafasim,
Ruhimni allalab yotgan jahonim bor.
Odam bo’lib bir odamni tushunmaslar,
Ko’zingda yosh ko’rib ham goh o’kinmaslar,
Bosgan izim poylab yurgan ey, nokaslar,
Qabrdan qo’l cho’zib turgan qalqonim bor…
Men otamdan qolgan erkin sado-sasman,
Qonimga yot navolarga qayrilmasman,
O’lgunimcha endi undan ayrilmasman —
O’z otamdek bo’lib qolgan imonim bor.
Armonim bor, bu dunyoda armonim bor,
Keng dalada gullar bosgan o’rmonim bor,
Qizg’aldoqlar bosh egib qon yig’lab turgan
Bu makonda mening ham nurjahonim bor.