Xotin-qizlar diqqatiga! 4%lik tavsiyanoma olish uchun ariza berishga shoshiling!

Tavsiya etamiz

Oliy ta’lim muassasalariga o’qishga kirishda xotin-qizlar beriladigan imtiyoz 4%lik tavsiyanoma olish uchun ariza berishga shoshiling!

Hukumatning 2021 yil 3 iyundagi 338-sonli qarori bilan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga qo‘shimcha davlat granti asosida OTMlarga qabul qilish bo‘yicha tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma berish tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi.

Hujjatga kiritilgan asosiy o‘zgartirishlar quyidagilardan iborat:

talabgorlar tegishli mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limiga elektron shaklda murojaat qiladi (ilgari bir dunyo qog‘ozbozlik talab etilardi);

tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma 1 yil muddatga beriladi (avvalgi tartibga ko‘ra 3 yilga berilardi).

Tavsiyanoma qanday toifadagi xotin-qizlarga beriladi?

Ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga qo‘shimcha 4% lik davlat granti asosida OTMlarga qabul qilish bo‘yicha tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma quyidagi mezonlar asosida beriladi:

kam ta’minlangan oilalardagi xotin-qizlar (bunda kam ta’minlangan oila deganda, oilaning har bir a’zosiga jami daromad aniqlanadigan davrda belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorning 0,527 baravari (393 ming 827 so‘m)dan ko‘p bo‘lmagan miqdorda to‘g‘ri keladigan bir oylik o‘rtacha jami daromadga ega bo‘lgan oila tushuniladi);

to‘liqsiz oilada tarbiyalanayotgan, ya’ni otasi yoki onasi yoxud ularning ikkalasi ham vafot etgan ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar;

turmush o‘rtog‘i vafot etgan, voyaga yetmagan farzandini yolg‘iz tarbiyalayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar;

nogironligi bo‘lgan farzandi bor ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar;

ikki yoki undan ortiq farzandlarini tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlaridan alohida (ijarada) yashayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yolg‘iz ayollarning qiz farzandlari;

ota-onalaridan biri yoki har ikkisi ham birinchi yoki ikkinchi guruh nogironi bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar.

Ushbu toifalarga to‘g‘ri keladigan xotin-qizlar 8 iyunga qadar aziz-ayol.uz sayti orqali elektron ravishda ariza berishlari mumkin. Mabodo muammo yoki tushunmovchilik bo‘lsa, yaxshisi yashash joyidagi mahalla fuqarolari yig‘inlariga murojaat qilganlari ma’qul.

Tavsiya etamiz: Test sinovlarida nogiron abituriyentlarga qanday xizmatlar ko‘rsatiladi?

Quyidagilarni unutmang:

❌ Tavsiyanoma ball qo‘shib bermaydi;

❌ Tavsiyanoma olganlarning hammasi o‘qishga 100% kiradi degani ham emas;

❌ Tavsiyanoma tanlangan beshta yo‘nalishga ham o‘tavermaydi, faqat birinchi yo‘nalish bo‘yicha hisoblanadi.

8 iyun’ degani, bu hujjat topshirishga atigi 3 kun qoldi, degani. 30 maydan hujjatlar qabul qilinadi, deyilgan Vazirlar Mahkamasi qarori 3 iyunda qabul qilinmoqda va xotin-qizlarga atigi 5 kun vaqt berilyapti.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil ehtiyojmand oilalar farzandi bo‘lgan xotin-qizlar uchun davlat grantlari soni o‘tgan yilgiga qaraganda 2 baravarga oshirilib, 2 mingtaga yetkazilgan. Bu esa xotin-qizlarga imkoniyatlar yanada ko‘proq bo‘ladi, degani. Davlat tomonidan berilgan bunday imkoniyatdan albatta foydalanish kerak!

Manba: Xushnudbek.uz